#YoshStan loyihasi Asaka tumanidagi yuzlab yoshlarni jamiyatdagi ijobiy oʻzgarishlar gʻoyasi atrofida birlashtirdi (узбекский)

#YoshStan loyihasi Asaka tumanidagi yuzlab yoshlarni jamiyatdagi ijobiy oʻzgarishlar gʻoyasi atrofida birlashtirdi (узбекский)

Andijon viloyati maydoni bo‘yicha O‘zbekistonning eng kichik, lekin aholisi eng zich joylashgan hududi hisoblanadi. Viloyatda 3,2 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, shundan 1,7 million nafari 30 yoshgacha bo‘lgan bolalar va yoshlardir. 

Bu Andijon uchun keng imkoniyatlar eshigidir. Zero, viloyatda ham, butun O‘zbekistonda ham yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. 

O‘g‘il-qizlarning bilim olishi, ularning iqtisodiy va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, bandligini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.  

Bu jarayonlarda nafaqat davlat organlari, balki yoshlar bilan ishlashda yangicha yondashuvlar va innovasion yechimlarni taklif etuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. 

Buning yorqin misoli — «#YoshStan: Mahalliy darajada qarorlar qabul qilishda yoshlarning rolini oshirish» loyihasidir. Loyihani Andijondagi «Hamroh» nodavlat notijorat tashkiloti «Search for Common Ground» («Umumiy manfaatlarni izlash») xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirdi. Maqsadli manzil sifatida Andijon viloyatining Asaka tumani tanlab olindi.

— Loyiha maqsadlari uchun Asaka tumanidagi 7 ta mahalla tanlab olindi. Bular: “Fayziobod”, “Sayidobod”, “Ibn Sino”, “Navoiy”, “Qadim”, “Kujgan”, “Ungut” mahallalari, — deydi «Hamroh» NNT rahbari Gulnora Yuldosheva. — Loyiha doirasida mana shu mahallalarda yashovchi yoshlarning qiziqishlari, talab va istaklari, ehtiyojlari o‘rganildi va shulardan kelib chiqqan holda, ularning yashab turgan hududida o‘zlari uchun shart-sharoit yaratilishida o‘zlarining faolligini oshirishga e’tibor qaratildi. 

Loyiha avvalida yoshlar uchun mavzuli uchrashuvlar, treninglar va mahorat darslari o‘tkazildi. Tashabbuskorlar ushbu jarayonga turli ekspertlarni, davlat organlari va mahallalar vakillarini jalb qildi. Keyingi bosqichlarda yoshlar loyihalari uchun mini grantlar ajratildi.

— «#YoshStan: Mahalliy darajada qarorlar qabul qilishda yoshlarning rolini oshirish» loyihasi doirasida kichik loyihalarni yozish, mini grantlar e’lon qilindi, — deydi G. Yuldosheva. — Mana shu tanlovda Asaka tumanidan jami 50 dan ziyod yoshlar ishtirok etdi va ulardan 12 ta mualliflik ishi g‘olib deb topildi.

E’tiborlisi shuki, barcha kelib tushgan arizalar ehtiyojmand oilalar manfaatlarini qamrab olgan, kamchiliklarni mahalla, tuman kesimida aniq ijtimoiy vazifalar bilan to‘ldirishga, yechim topishga yo‘naltirilgan.

Masalan, Diyora Azizova «Fayziobod» mahallasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun xorijiy tillarni bepul o‘rgatish darslarini tashkil etishni taklif qildi.

“Birdamlik” ijtimoiy loyihasi tufayli Diyora Azizova viloyat hokimi stipendiyasi sohibalaridan biriga aylandi. Unga noutbuk va 5 million so‘m (taxminan 450 dollar) sovg‘a qilindi. O‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Andijonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ishtirok etib, davlat rahbariga bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularga zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda til o‘rgatish bo‘yicha o‘z takliflarini aytishga muvaffaq bo‘ldi.

Diyoraga dars o‘tishi uchun mahalla binosi yonidan xona ajratildi. 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan 20 nafar boladan iborat guruh tuzildi, ularning aksariyati kam ta’minlangan oilalardan. Mahalliy aholining iltimoslarini inobatga olgan holda, loyiha tashabbuskorlari yana 20 nafar bolani qabul qilib, yangi guruh ochdi. Uch oy mobaynida bolalarga malakali pedagog-lingvistlar rus va ingliz tillarini o‘rgatishdi.

40 nafar bola meni quchoqlab: “Rahmat, ustoz!” deganida esa o‘zimni juda baxtli his qildim. Ularning intilishlari va g‘ayrati menga kuch va ilhom beradi. Hozirda men chet tillarini chuqur o‘rganyapman, — deydi Diyora.

Gulira’no No‘monova esa o‘zining loyihasi doirasida “Ibn Sino” mahallasida oilaviy bog‘cha ochdi va unga 20 dan ziyod bolalarni qabul qildi. Loyiha tufayli mahalladagi yosh onalar bolalarini bog‘chada qoldirib, o‘zlari ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

— Agar qalbingizda yaxshi niyat bo’lsa, hammasiga erishar ekansiz”, — deydi Gulirano Nomonova. — Men bunga allaqachon ishonch hosil qilganman. Hozir 21 yoshdaman. Baxtli rafiqaman, onaman, tadbirkorman va yaqindan boshlab talabaman. Yaqinlarimning qo’llab-quvvatlashi menga kuch-g’ayrat beradi. Endilikda mahallada yana bitta oilaviy bog‘cha ochmoqchimiz. Bizning faoliyatimiz boshqa mahalladoshlarni ham ruhlantiryapti. Oilaviy bolalar bogchasini qanday tashkil qilish bo’yicha bizga bir nechta odamlar maslahat so’rab keldi.

Guliranoning tashabbusiga davlat tuzilmalari ham e’tibor qaratdi. Davlat-xususiy sheriklik haqida shartnoma tuzildi. Shundan keyin davlat bolalarni, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olish evaziga ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, xodimlarni oylik maosh bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oldi. Bundan tashqari, bog‘cha 10 yil muddatga barcha turdagi soliqlar va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalarni to‘lashdan ozod etilgan.

“Kujgan” mahallasida yashovchi Abdulaziz Karimov «O‘zbekiston yoshlari» deb nomlangan ijtimoiy loyihani amalga oshirdi. U qisqa vaqt ichida o‘z mahallasidagi stadionda bepul futbol mashg‘ulotlarini tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi. Endi u yerda 80 nafarga yaqin bolalar sport bilan doimiy shug‘ullanmoqda.

— Mahallada 11 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilsa, ularning ikki mingdan ortig‘i yoshlardir, – deydi “Kujgan” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ziyoyiddin Mamarasulov. — Abdulaziz va uning doʻstlari oz pul bilan koʻp yaxshiliklar qilishadi. O‘zlari ham bu jarayonga ishtiyoq bilan yondashib, yoshlar bilan jon deb ishlashadi. Ularning bu ishtiyoqi, faolligi, o’z navbatida, boshqa yoshlarga ham o’tadi. Ota-onalar farzandlarining bekor o‘tirmay, sport bilan shug‘ullanayotganidan xursand. Abdulaziz qishloq bolalari o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashladi. Yoshlarning bunday tashabbuslari o‘zi yashayotgan mahalla taqdiriga befarq emasligiga, o’sib kelayotgan avlod bilan ishlashda ilg‘or g‘oya va yondashuvlarni targ‘ib etishdan manfaatdor ekanligiga dalolatdir.

O‘tgan yili Abdulazizning tarbiyalanuvchilaridan ikki nafari futbol akademiyalariga o‘qishga kirdi: biri Andijon viloyati bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi, ikkinchisi “Metallurg” futbol klubining Bekobod bolalar akademiyasi. Kahramonimiz yoshlar bilan ishlashda davom etmoqda. Uning Ishonchi komilki, yaqin yillarda “Kujgan” mahallasidan ko’plab bo‘lajak futbol yulduzlari yetishib chiqadi.

Asakalik 22 yoshli Nurullo Mallabayev “Sayidobod” mahallasidagi mehnat migrantlarining farzandlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga psixologik yordam ko‘rsatishga qaratilgan loyiha tashabbusini ilgari surdi. Uch oy davomida 20 nafar o‘g‘il-qiz sharoit taqozosi bilan ulardan uzoqda bo‘lib turgan ota-onalari bilan munosabatlarni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.

— Noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan qiz ham bo‘lgan, — deydi  “Yosh nihol” loyihasi tashabbuskori Nurullo Mallabayev. — Qishloq mahallasi kichik bo‘lganligi sababli, mish-mishlar tez tarqalib ketgan. U bilan ham ishladik. Va qiz hozir Qo‘qonga borib, medinstitutga kirishga harakat qilayapti. Qo‘qonda qolib, o‘qiydigan kurslarida ta’lim olishni davom ettirayapti. Ya’ni u ota-onasi bilan aloqasini tikladi, orzulari bilan o‘rtoqlashdi. Ota-onasi farzandi kelajakda vrach bo‘lmoqchiligini bilib, uni o‘zoqda to‘rib bo‘lsayam, sharoit yaratib bergan. Hozirgi kunda qiz kimyo va biologiya fanlarini chuqurlashtirib o‘rganmoqda. Umid qilamiz-ki, o‘zining maqsadiga yetadi.

Yana bitta maqsadli manzil — “Ungut” mahallasi. U Asaka viloyatidagi eng chekka hududlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mahalla yoshlaridan biri Muxlisa Ahliddinovaning “Oy nuri” loyihasida yoshlar bilan ishlash tajribasi mahalliy hokimliklar uchun yaxshigina omil bo‘ldi. Ular bu yerda allaqachon shakllangan yondashuv asosida qizlar va ayollarni kasb-hunarga o‘rgatmoqda.

— Muxlisa yoshlarimizni ruhlantirdi, – deydi “Ungut” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Keldivoy Yo‘ldoshev. — U mahalla qizlari va ayollariga tikuvchilikni bepul o‘rgatdi. Olti oydan keyin mahallamizdagi tadbirkorlaridan biri Nigoraxon Bozorova qizlarning qiziqishini ko‘rib, tikuvxona ochdi. Ishlamoqchi bo‘lganlar ko‘p bo‘lgani uchun ishlab chiqarishni yanada kengaytirmoqda. Hozir uning qo’lida 15 nafar qiz ishlayotgan bo‘lsa, yangi bino bitgach, yana kamida 50 nafar kishini ish bilan ta’minlashi mumkin. E’tiborlisi, ular orasida “Oi nuri” loyihasi doirasida tashkil etilgan tikuvchilik kursini tamomlaganlar ham bor.

“Qadim” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirsalim Rahmonov o‘z mahallasining birdaniga uchta vakili #YoshStan loyihasi doirasida mini grant sohibi bo‘lishga muvaffaq bo‘lganidan faxrlanadi. Loyiha davomida 80 nafarga yaqin yigit-qiz turli mavzuli to‘garaklarga jalb etilib, ularning kuch-g‘ayratlari ijobiy tomonga yo‘naltirildi.

— Bu loyihalar amalga oshsa, yoshlarimiz, birinchi navbatda, band bo‘ladi. Ikkinchi navbatda, bir kasbning egasi bo‘ladi, mukkammal bir yerga borib ishlaydi. Ular “Qadim” mahallamiz, O‘zbekistonning nufuzini yuksaklarga ko‘taradi. Shuning uchun yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qilayapmiz, — deydi “Qadim” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mirsalim Rahmonov.

Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash samarasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Agar qabul qilinayotgan qarorlarda yoshlarning manfaatlari va ehtiyojlari inobatga olinsa, bu – hududlarni yanada rivojlantirishga turtki bo‘lib, qishloqlardan yosh kadrlarning ketish oqimini kamaytiradi. Eng muhimi, yigit-qizlar o‘z yurtida bo‘layotgan voqealarga daxldorlik hissini tuyadi.

— Mahalliy qarorlarni qabul qilishda yoshlarimizning rolini oshirish, ya’ni yoshlarimizning ishtirokini ta’minlash — bu juda muhim, — deydi #YoshBiznesStan loyihasi tashabbuschisi Shuhrat No‘monjonov. — Chunki yoshlarimiz quyalarda yuradi, quyi tizimda yuradi, yoshlarimizga nima kerakligini biz quyidan o‘rganib, yoshlarimizning imkoniyatidan, yoshlarimizning talabidan kelib chiqqan holda, qarorlar qabul qilsak, mana shunday yoshlarga imkoniyatlar yanada o‘zini ustidan ishlar imkoniyalar yanada kengayadi va bu yoshlarimizning befosita rivojlanishiga, o‘sishiga olib keladi.

Ushbu kichik loyihalar hayotga tadbiq etilgan yoshlar tashabbuslarining bir necha misollaridir. #YoshStan loyihasi o‘zining mahallasi, tumani, viloyati, umuman mamlakati kelajagiga befarq bo‘lmagan yuzlab yoshlarni jamiyatni ijobiy o‘zgartirish g‘oyasi atrofida birlashtirdi. 

Mini grantlar hisobidan yoshlar tashabbuslarining amalga oshirilishi natijasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo‘lgan 500 nafarga yaqin o‘quvchi turli kurs va to‘garaklarga jalb etildi. Viloyat hokimligining subsidiyalari hisobiga ayrim mini loyihalar davom ettirildi. Shunday qilib, yigitlar o‘quv mashg‘ulotlari va mahorat saboqlarida olgan bilim va malakalarini amalda qo‘llay olishdi.

Qisqa vaqt ichida yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortdi, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘ya oldi. Yoshlar ayni paytda ta’lim muassasalariga rahbarlik qilib, shaxsiy bizneslarini boshqarib kelmoqda, shuningdek, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirib, tengdoshlarining huquq va manfaatlarini ilgari surishmoqda.

Ushbu materialning mazmuni uchun “Search for Common Ground” XNNT va “Hamroh” NNT javobgar va Yevropa Ittifoqi nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.

ПОДЕЛИТЬСЯ:

Добавить комментарий